وَفِىٓ أَنفُسِكُمْ ۚ أَفَلَا تُبْصِرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va o`zlaringizda ham (belgilar) bor. Yoki ko`rmayapsizlarmi?!Ва ўзларингизда ҳам (белгилар) бор. Ёки кўрмаяпсизларми?!Alauddin Mansour: Hamda oʻzlaringizda (ushbu hayotga kelib-ketishingizdan tortib, vujudlaringizdagi har bir aʼzoingizda, balki har bir hujayrangizning naqadar nozik tartib-intizom bilan yaratilib, oʻz oʻrniga joylashtirilganida va oʻz zimmasidagi Yaratgan buyurgan vazifani quloq qoqmasdan ado etib borishida Allohning qudratiga dalolat qiladigan oyat-alomatlar bordir). Axir koʻrmaysizlarmi?!Ҳамда ўзларингизда (ушбу ҳаётга келиб-кетишингиздан тортиб, вужудларингиздаги ҳар бир аъзоингизда, балки ҳар бир ҳужайрангизнинг нақадар нозик тартиб-интизом билан яратилиб, ўз ўрнига жойлаштирилганида ва ўз зиммасидаги Яратган буюрган вазифани қулоқ қоқмасдан адо этиб боришида Аллоҳнинг қудратига далолат қиладиган оят-аломатлар бордир). Ахир кўрмайсизларми?!
Inson yer yuzidagi eng ulkan ilohiy moʻʼjiza hisoblanadi. Uning har bir aʼzosi, bu aʼzolarning vazifalari, ishlashini oʻylab koʻrgan kishi dahshatga tushadi. Lekin inson gʻofil, oʻzining qiymatini oʻzi bilmaydi. Oʻzidagi sirlardan bexabar. Uning jismi bitmas-tuganmas moʻʼjiza, jasadi moʻʼjiza, ruhiy holati moʻʼjiza, ichki va tashqi olamlari hadsiz-hisobsiz moʻʼjizalardan iborat. Yuragi yoki oʻpkasining ishlashi, koʻzining koʻrishi, qulogʻining eshitishi, dimogʻining hid bilishi, miyasining oʻylashi, ruhiyatining xursand yoki xafalik holatlari–bular hammasi eslihushli odamni hayratga solmasdan, Allohning qudratiga qoyil qoldirmasdan iloji yoʻq.
Shuning uchun ham, arab shoirlaridan biri: «Sen oʻzingni kichik bir jism deb oʻylaysan. Lek oʻzingda katta olamning jamligini bilmaysan», degan ekan. Har bir inson oʻzining ona qornida paydo boʻlishidan boshlab, to oxirgi nafasi chiqqunga qadar kechgan hayotini, uning har bir lahzasini insof bilan oʻylab koʻrsa, moʻmin-musulmon boʻlishdan oʻzga chora qolmaydi.
Katta davlatlar hisobsiz mablagʻlar ajratib, turli soha ulamolarini jalb etib, ilmiy tekshirishlar oʻtkazib, sonsiz-sanoqsiz kitoblar chiqarib ham, insonni toʻliq oʻrgana olmaganlarini tan oldilar. Insonga Alloh bergan tirnoqchalik tirnoq yaratishga imkon topmadilar.
Shundoq xususiyatlarga ega boʻlgan, turgan-bitgani moʻʼjizadan iborat insonni yakkayu yagona, qudratli Alloh yaratmagan boʻlsa, u qayerdan paydo boʻldi? Har kim oʻzini oʻylab-oʻrganib koʻrsa ham, iymoni ziyoda boʻlaveradi. Alloh taolo yuqoridagi oyati karimani shuning uchun nozil qilgan.