قَالُوا۟ كَذَٰلِكِ قَالَ رَبُّكِ ۖ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلْحَكِيمُ ٱلْعَلِيمُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular: «Sening Robbing shunday dedi. Albatta, Uning O`zi Hakiym va Aliymdir», dedilar.Улар: «Сенинг Роббинг шундай деди. Албатта, Унинг Ўзи Ҳакийм ва Алиймдир», дедилар.Alauddin Mansour: Ular aytdilar: «Parvardigoring mana shunday dedi. Albatta Uning Oʻzigina hikmat va bilim Sohibidir».Улар айтдилар: «Парвардигоринг мана шундай деди. Албатта Унинг Ўзигина ҳикмат ва билим Соҳибидир».
Yaʼni, farishtalar Ibrohim alayhissalomning ayollariga: «Bunaqa dahshatga tushma, ajablanma ham, bu gaplarni sening Parvardigoring aytdi, u hamma narsaga qodir–xohlasa, tugʻmasga ham, qari kampirga ham farzand beraveradi», degan maʼnodagi gapni aytdilar. Darhaqiqat, shunday ham boʻldi. Alloh katta yoshdagi ikki qari bandasiga ilmli, keyinchalik Paygʻambar boʻladigan Ishoq ismli oʻgʻil farzand berdi.
Yodingizda turgan boʻlsa, oʻtgan oyatlarning tafsirida, odam rizq yerdan deb oʻylab, koʻzi bilan koʻrib turgan sababiyat qonunini buzilmas haqiqat deb tushunib, haqiqiy rizq beruvchi Alloh taolo ekanini unutib qoʻymasligi uchun Haq taolo «Va osmonda rizqingiz bor», deb inson eʼtiborini Allohga tortmoqda, degan maʼnoni eslatgan edik. Ushbu hodisa ham xuddi oʻsha zikr etilgan maʼnoga chambarchas bogʻliqdir.
Alloh taolo ota-onaning qoʻshilishidan farzand dunyoga kelishini asosiy qoida qilib qoʻygan. Bu qoidaga kishilar shunchalik oʻrganib ketishganki, koʻplari haqiqiy yaratuvchi Alloh ekanini unutib, ish faqat eru xotin bilan bitaveradi, degan buzuq aqiydaga ham boradilar. Bandalar Allohni esdan chiqarmasliklari uchun Yaratganning Oʻzi baʼzi hollarda yuqoridagi qoidani «buzib» turadi. Baʼzi kishilarga faqat oʻgʻil beradi, qizga zor qilib qoʻyadi. Baʼzilarga faqat qiz beradi, ular oʻgʻilga zor boʻlishadi. Baʼzilarga oʻgʻil-qizni aralash beradi. Baʼzilarni esa, butunlay farzandsiz qilib qoʻyadi. Demak, er-xotinning qoʻshilishi asosiy omil emas, Alloh taoloning irodasi asos ekanini mazkur holatlar doimo esimizga solib turmogʻi lozim.
Qarib qolgan ayollarning tugʻmasligi ham umumiy qoida. Ayniqsa, ular yoshliklaridan tugʻmas boʻlib oʻtgan boʻlsalar. Bu ham kishilarning ongiga singib ketgan. Hatto, Ibrohim alayhissalomdek ulugʻ Paygʻambarning ayollari ham bu qoidadan tashqariga chiqishni xayollariga sigʻdira olmadilar. Lekin Alloh taoloning Oʻziga hamma narsa oson. Buni hech qachon unutmaslik kerak.
Mehmonlarning kim ekanini ochiq-oydin bilib olgan Ibrohim alayhissalom ularga savol bera boshladilar.