QurʼonҚуръонPaygʻambarlar vorislariПайғамбарлар ворислари
Al-Qamar surasi · Oyatсураси · Оят45

سَيُهْزَمُ ٱلْجَمْعُ وَيُوَلُّونَ ٱلدُّبُرَ

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar.У жамоа тезда енгилар ва орқаларига қараб қочарлар.Alauddin Mansour: Yaqinda oʻsha jamoat yengilib, ortlariga qarab qochib qolurlar!Яқинда ўша жамоат енгилиб, ортларига қараб қочиб қолурлар!

530-sahifa · 27-juz · 53-hizb530-саҳифа · 27-жуз · 53-ҳизб
Soʻzma-soʻzСўзма-сўз
سَيُهْزَمُtezda yengilarтезда енгиларٱلْجَمْعُjamoaжамоаوَيُوَلُّونَva qaytarlarва қайтарларٱلدُّبُرَorqalarigaорқаларига
TafsirТафсир

Ibn Abu Hotim qilgan rivoyatda Ikrima aytadilarki, «U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» oyati tushganda, hazrati Umar: «Qaysi jamoat yengiladi? Qaysi jamoat gʻolib boʻladi?»–deganlar.

Keyinroq hazrati Umar: «Badr urushi kuni Paygʻambar alayhissalomning sovutga dam urib, «U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» oyatini oʻqiyotganlarini koʻrganimda, ushbu oyatning maʼnosini tushundim», deganlar.

Imom Buxoriy rivoyatlarida Abdulloh ibn Abbos bunday deydilar: «Badr urushi kuni Paygʻambar alayhissalomning chodir ichida turib:

«Ey bor xudoyo! Sendan Oʻzing bergan ahding va vaʼdangni soʻrayman. Ey bor xudoyo! Bugundan keyin Senga ibodat qilinmasligini xohlasang, (oʻzing bilasan!)» deb turganlarini koʻrdim. Shunda Abu Bakr Siddiq kelib, u zotning qoʻllaridan tutdilar va:

«Yetadi, ey, Allohning Rasuli, Robbingizga kerakligicha yolbordingiz», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovutga dam urib, «U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar» oyatini oʻqib chiqdilar».

Badr urushida son va qurol jihatidan katta ustunlikka ega boʻlgan kofirlar sharmandalarcha yengildilar. Ularning toʻqqiz yuz ellik jangchisi, yetti yuz tuya, yuzta oti, yetarlicha qurol va boshqa zarur ashyolari bor edi. Musulmonlar uch yuz oʻn uch kishidan iborat edilar, xolos. Allohning madadi bilan musulmonlar gʻolib chiqdilar. Mushriklardan yetmish kishi oʻldi, yetmish kishi asirga tushdi. Musulmonlardan esa, oʻn toʻrt kishi shahid boʻldi. Allohning vaʼdasi yuzaga chiqdi. Ushbu oyati karima ulkan moʻʼjiza hisoblanadi. U tushgan paytda musulmonlar oz sonli va kuchsiz edilar. Hech kim ularning mushriklar ustidan gʻalaba qozonishlariga ishonmasdi. Lekin koʻp vaqt oʻtmay, bu oyat hayotda oʻz ifodasini topdi.

Kofirlarning jazosi bu dunyoda tortgan azoblari bilan tugab qolmaydi. Ularga haqiqiy azob oxiratda boʻladi. Ushbu maʼno kelgusi oyatda oʻz ifodasini topgan.