إِنَّا كُلَّ شَىْءٍ خَلَقْنَـٰهُ بِقَدَرٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, Biz har narsani o`lchov bilan yaratdik.Албатта, Биз ҳар нарсани ўлчов билан яратдик.Alauddin Mansour: Albatta Biz har bir narsani (aniq) oʻlchov bilan yaratdik.Албатта Биз ҳар бир нарсани (аниқ) ўлчов билан яратдик.
Ushbu oyatdagi «oʻlchov» soʻzining ikki xil sharhi boʻlib, biri «qazoi qadar» maʼnosini, ikkinchisi «miqdor, oʻlchov» maʼnosini anglatadi. Ikki maʼno ham bir-birini toʻldirib keladi.
«Qadar» maʼnosida kelsa, barcha narsalarni sodir boʻlishidan avval bilib turishni anglatadi.
«Oʻlchov» maʼnosida kelsa, barcha narsa va hodisalarning oʻz miqdori, oʻlchovi borligini anglatadi. Ushbu oyat ozgina soʻzlardan iborat boʻlishiga qaramay, oʻzida ulkan maʼnolarni mujassamlashtirganligi ham moʻʼjizadir. Inson ilmi hozirgidek boʻlmagan davrlarda bu oyatni odamlar oʻzlaricha tushunib yurganlar. Lekin ilm-fan rivojlanib borgan sari, yangidan-yangi kashfiyotlar qilinishi bilan, bu oyati karimaning maʼnolari yanada teranlashib bormoqda. Bu kashfiyotlar bilan yaqindan, insof ila tanishgan kishilarning Islomga yurmay ilojlari qolmayapti. Ulamolarimiz, yanada taʼsirchan va tushunarliroq boʻlishi uchun, oyatning maʼnosini tasdiqlovchi koʻpgina ilmiy dalillarni keltiradilar. Biz ham ularga murojaat qilib koʻraylik.
Uzoqqa borib yurmay, oʻzimiz uchun har lahzada zarur, agar biroz yetishmay qolsa, hayotimizning tugashini muqarrar qilib qoʻyadigan havoni olaylik. Havoda kislorodning miqdori 21 foizni tashkil qiladi. 22 ham emas, 20 ham emas. Uni kim qildi. Agar kislorodning nisbati koʻpayib ketsa, hamma tarafdan olov chiqib, yonib ketar ekan.
Jonli zotlar kisloroddan nafas olib yashaydi va oʻzidan karbonat angidrid chiqaradi. Nabotot esa, aksincha, karbonat angidriddan ozuqalanib, oʻzidan kislorod chiqaradi. Agar ushbu muvozanat buzilsa, yer yuzida hayot qolmasligi aniq. Bunday nozik muvozanatni kim joriy qildi? Allohdan oʻzga hech kim emas.
Quyosh yer yuziga maʼlum bir oʻlchovdagi issiqlikni yuborib turadi. Agar oʻsha oʻlchov buzilib, miqdor ozgina ozaysa, yer yuzi muzlab qoladi, koʻpaysa, kuyib ketadi. Xoʻsh, bu muvozanatni kim oʻrnatdi va uni kim davomli etib turibdi. Allohdan oʻzga hech kim emas.
Nimaga baʼzi jonzotlar oz tuxum qoʻyadi-yu, boshqalari koʻp qoʻyadi. Hech oʻylab koʻrganmisiz? Misol uchun lochinni olaylik. Oʻzi hilvat joylarda yashaydi. Odatda, lochinning tuxumini oʻz koʻzi bilan koʻrgan odamni uchratmaymiz. Pashsha boʻlsa, hamma yoqni tuxumiga bostirib yuboradi. Oʻn millionlab tuxum qoʻyadi. Agar lochin pashshaga oʻxshab tuxum qoʻysa nima boʻlardi? Yoki, aksincha boʻlsa-chi? Shuning uchun ham, Alloh taolo lochinning umrini uzun, pashshanikini qisqa qilib qoʻygan. Boʻlmasa, oʻlchov buzilib, hayotda noqulaylik tugʻilardi.
Nima uchun ilonlarning kichkinasi zaharli, kattasi zaharsiz boʻladi? Chunki kichiklari kuchsiz, oʻzini himoya qilishga boshqa iloji yoʻq. Kattalari kuchli va koʻp narsaga imkonlari bor. Agar ikkovlari almashib, kichigi zararsiz, kattasi zaharli boʻlib qolsa bormi? Nimalar boʻlishini koʻz oldingizga keltirgandirsiz? Bu muvozanatni kim oʻrnatgan? Darvinmi yoki Marksmi? Alloh taolodan oʻzga hech kim qodir emas bunga!
Har birimiz onamizning koʻkragini emib katta boʻlganmiz. Lekin oʻsha ona sutining oʻzi nima? Unda qanday moddalar bor? Oʻylab koʻrganmizmi shuni?
Tugʻishdan oldin va keyingi birinchi davrda onalarning koʻkragidan sargʻish-oq suyuqlik chiqar ekan. Xuddi oʻsha suyuqlik chaqaloqni turli kasalliklardan asrovchi kimyoviy moddadan iborat ekan. Vo ajabo, har bir inson uchun havodek zarur bu suyuqlikni onaning koʻkragiga aynan chaqaloq tugʻilishi paytida kim keltirdi ekan? Amerikalik olimlarmi yoki ingliz olimlarimi? Yoʻq va yana yoʻq! Chunki, ular ham bolaliklarida Alloh bergan ushbu suyuqlikni emib hayotlarini saqlab qolganlar.
Koʻkrakka bola tugʻilganidan keyingi kundan boshlab sut kela boshlaydi. Buni onaning oʻzi qiladimi? Kundan-kunga sut koʻpayib borib, bir yildan soʻng har kuni bir yarim litr sut keladi. Chaqaloq oʻsishi bilan sutning miqdori ham koʻpayib boraveradi. Moʻʼjiza shundaki, sutning faqat miqdori koʻpayib qolmay, undagi ozuqa boʻladigan moddalarning tarkibi ham ehtiyojga qarab oʻzgarib boradi. Buni Allohdan boshqa yana kim qila olishi mumkin!
Bu masalada necha-necha jildli kitoblar bitilgan. Insofi bor har bir kishi ularni oʻqib, tafakkur qilib koʻrsa, musulmon boʻlmay iloji yoʻq.
Alloh taolo har bir narsaning zamonini, makonini, hajmini, shaklini va boshqa jihatlarini nozik-nozikliklarigacha oʻlchab qoʻygan.