أَوْ زِدْ عَلَيْهِ وَرَتِّلِ ٱلْقُرْءَانَ تَرْتِيلًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yoki u(yarim)ga yana qo`sh va Qur'onni tartil bilan tilovat qil.Ёки у(ярим)га яна қўш ва Қуръонни тартил билан тиловат қил.Alauddin Mansour: Yoxud unga (bir oz) ziyoda qiling (yaʼni, kechaning yarmidan koʻprogʻida uxlab, istirohat qiling) va Qurʼonni tartil bilan (yaʼni, dona-dona qilib) tilovat qiling!Ёхуд унга (бир оз) зиёда қилинг (яъни, кечанинг ярмидан кўпроғида ухлаб, истироҳат қилинг) ва Қуръонни тартил билан (яъни, дона-дона қилиб) тиловат қилинг!
Yaʼni, kechaning yarmidan koʻprogʻini ibodat bilan oʻtkazgin-da, ozrogʻida uxlagin. «Qurʼonni tartil bilan oʻqish» deb uni dona- dona qilib, har bir harfini oʻz oʻrnidan chiqarib, oyatlarini alohida-alohida qilib, tajvid qoidalari asosida oʻqishga aytiladi.
Qurʼonni tartil bilan oʻqishga boʻlgan farmoni ilohiy barcha moʻmin musulmonlarga ommaviy farmondir. Muhammad alayhissalomga farishta Jabroil alayhissalom Qurʼonni tartil bilan oʻqib berganlar. Shuningdek Paygʻambar alayhissalom ham ummatlariga tartil bilan oʻqib berganlar. Musulmon ummati esa, avloddan-avlodga oʻz Paygʻambaridan qandoq qilib olgan boʻlsa, shundoq oʻtkazib kelmoqda. Qorilarimiz Qurʼon qiroati qoidalarini tartibga solib kitoblar qilishgan. Bu qoidalarni bilish har bir musulmon uchun zarur. Shuning uchun, har bir musulmon tajvid qoidalari boʻyicha bir kitob oʻqimogʻi, Qurʼon tilovatini tajvid ilmiga ega boʻlgan qorilardan oʻrganmogʻi lozim.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday bashorat qiladilar: «Qiyomat kunida Qurʼon qorisiga Alloh: «Oʻqib koʻtarilib boraver, u dunyoda qandoq oʻqigan boʻlsang, shundoq oʻqi, oxirgi oyatni oʻqigan joying sening (jannatdagi) martaba manziling boʻladi, deydi».
Kechalari qoim boʻlishlik, yaʼni ibodat bilan bedor boʻlishlik haqida ham rivoyatlar juda koʻp.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda, jumladan, shunday deyiladi:
«...Ey, moʻminlarning onasi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamnig kechalari qoim boʻlishlari haqida soʻzlab bering. U kishi: «Yaaa ayyuhal muzzammil» surasini oʻqiganmisan», dedilar. Men (Said ibn Hishom): «Oʻqiganman», dedim. U kishi: «Albatta, Alloh taolo ushbu suraning avvalida kechalari qoim boʻlishni farz qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalari bir yil kechalari qoim boʻldilar. Hatto, oyoqlari shishib ketdi. Suraning oxirini Alloh taolo tushirmay oʻn ikki oy ushlab turdi. Soʻngra bu suraning oxirida yengillik tushdi...»
Kechalari qoim boʻlishlik farzlikdan ixtiyoriy amalga aylandi... Kechalari bedor boʻlish, hatto, oyoqlari shishib ketguncha turish, Qurʼonni tartil bilan tinmay tilovat qilish katta ahamiyatga ega boʻlgan, olamshumul ishga tayyorgarlik edi. Bu ogʻir ishning qabuli kelgusi oyatda nozil boʻlgan.