ثُمَّ ٱلسَّبِيلَ يَسَّرَهُۥ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: So`ngra, chiqish yo`lini oson qildi.Сўнгра, чиқиш йўлини осон қилди.Alauddin Mansour: Soʻngra unga (ona qornidan chiqish) yoʻlini oson qildi.Сўнгра унга (она қорнидан чиқиш) йўлини осон қилди.
Yaʼni, Alloh taolo insonga onasining qornidan chiqish yoʻlini oson qildi. Onasi qornida homila holida toʻqqiz oy mukammal inson holiga kelgan bolaning chiqish yoʻlini Alloh taoloning Oʻzi oson qilmasa, boʻlarmidi? Allohdan oʻzga kim oson qilishi mumkin bu chiqish yoʻlini? Hozir gerdayib, mutakabbirlik qilib kufr keltirayotgan kimsa onasining qornidan oʻzi chiqishiga yoʻl topa olmas edi. Onasi ham toʻlgʻoq dardidan boshqa narsani sezmas edi. Salgina oʻylash qobiliyatiga ega inson taxminan uch-toʻrt kilo ogʻirlikdagi va shunga yarasha hajmdagi bolaning oʻz onasi qornidan chiqishi uchun Alloh taolodan boshqa hech kim yoʻlni oson qila olmasligini tushunadi.
Tugʻilish jarayoni ulkan moʻʼjiza. Faqat, doimo takrorlanib turgani uchungina bu moʻʼjiza siz bilan biz gʻofil bandalar uchun oddiy ishga oʻxshab qolgan, xolos. Boʻlmasa, maʼlum hajmdagi goʻdakning ona qornidan oʻta tor yoʻl orqali sogʻ-salomat chiqishi umuman mumkin emas. Ana shu haqiqatni oʻzini unutgan kimsalarga eslatib turish uchun Alloh taolo baʼzi bir holatlarda insonning ona qornidan chiqish yoʻlini oson qilmay qoʻyadi. Bunday holatlar gohida ham onaning, ham bolaning oʻlimi bilan tugasa, gohida ikkovlaridan birining oʻlimiga sabab boʻladi. Keyingi paytlarda tib ilmining rivoji sababidan ona qornini yorib bolani olish ham yoʻlga qoʻyildi. Bu ham ibratdir. Bu ish, aslida, agar Alloh taolo bolaning ona qornidan chiqish yoʻlini oson qilmasa, har safar ona qornini yorib bolani chiqarib olishga toʻgʻri kelar ekan, degan ibrat olishimizga asos boʻlishi kerak. Bu esa, oʻz navbatida, Alloh taologa shukr qilishga chorlashi lozim. Kofir inson esa, ushbu ulugʻ neʼmatning – uning ona qornidan chiqish yoʻlini oson qilishining ham shukrini qilmaydi. Unga mazkur neʼmatni bergan Alloh taologa kufr keltiradi, U zot yuborgan Paygʻambarni yolgʻonga chiqaradi va U zot nozil qilgan Qurʼonga ishonmaydi. Ammo, u hozirgi holida abadiy qolmasligini bilmaydi. Hali vaqt oʻtadi, kuch-quvvat ketadi. Alloh taolo unga taqdir etgan ishlar yetadi.