وَإِذَا ٱلْجِبَالُ سُيِّرَتْ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Va vaqtiki, tog`lar joyidan ko`chirilsa.Ва вақтики, тоғлар жойидан кўчирилса.Alauddin Mansour: Togʻlar ham (oʻz joylaridan) jildirilganida;Тоғлар ҳам (ўз жойларидан) жилдирилганида;
Insonga eng yaqin va eng salobatli narsa togʻdir. Har bir inson tasavvurida togʻlar qadimdan eng salobatli, eng ulkan, eng katta, eng mustahkam narsa boʻlib kelgan. Qadimdan barcha xalqlar togʻni bahaybatlik, serviqorlik, salobatlilik va sobitlik ramzi, deb bilib kelganlar. Darhaqiqat, yer yuzida eng katta, eng salobatli va eng yuksak narsa togʻdir. Ayniqsa, hozirgi ilm rivojlangan davrda avval bilinmagan maʼlumotlar ham, jumladan, har bir togʻning yer ostida oʻzidan katta tomiri boʻlishi ham ayon boʻldi.
Lekin Qurʼoni Karimning taʼkidlashicha, bir vaqt kelib, ana shundoq ulkan, yuksak, salobatli, sobit, mustahkam va viqorli togʻlar ham joyidan juda osonlik-la koʻchib, osmonda chang zarralari kabi uchib yurar ekanlar. Bu hodisa ham, xuddi yer yuzidagi chang zarralari joyidan qoʻzgʻalib havoda uchib yurgandek, osonlik bilan sodir boʻlar ekan. Chunki, bu ishni qiluvchi Zot har bir narsaga qodir Alloh taoloning Oʻzidir. Bu hodisa esa, qiyomat kuni sodir boʻladi. Ha, u kun shu qadar dahshatliki, unda ulugʻvor togʻlarning chang zarrasi kabi uchib yurishi ham hech narsa boʻlmay qoladi.