فَسَوْفَ يُحَاسَبُ حِسَابًا يَسِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Tezda, osongina hisob qilinur.Тезда, осонгина ҳисоб қилинур.Alauddin Mansour: Bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak,Бас, у осон ҳисоб билан ҳисоб-китоб қилинажак,
Bu ishlar qiyomat kuni boʻladi. Mahsharda hamma toʻplanganda odamlarga nomai aʼmollari beriladi. Kimki bu dunyoda moʻmin musulmon boʻlib, toat-ibodat, taqvodorlik bilan oʻtgan boʻlsa, ularning nomai aʼmoli oʻng tarafdan beriladi. Shuning oʻzi yaxshilik alomati. Ularning hisob-kitobi osongina, koʻrsatib oʻtish yoʻli bilan boʻlib, ular jannatdagi ahllari huzuriga xursand boʻlib qaytadilar.
Ushbu oyatlarda vasf qilingan kitobi oʻng tarafidan berilgan bandaning osongina hisob-kitob qilinishi uning nomai aʼmolini oʻziga shundoq koʻrsatib qoʻyish bilangina boʻladi. Chunki, hisob-kitob oldindan maʼlum boʻladi. Qiyomat kuni qayta hisob-kitob qilishning oʻzi ham azob boʻladi.
Bu haqda imom Buxoriy va imom Muslim quyidagi hadisi sharifni rivoyat qiladilar:
«Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam:
«Kim hisob qilinsa, azob qilinadi», dedilar.
Shunda Oisha roziyallohu anho:
«Alloh azza va jalla, «Bas, tezda, «osongina hisob qilinur», degan emasmi?»–dedilar. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam:
«Ana oʻsha, koʻrsatishdir. Lekin kimning hisobi tortishilsa, azoblanadi», dedilar.
Osongina hisob qilish esa, quyidagi hadisi sharifda aytilganday boʻladi:
«Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh taolo qiyomat kuni bandani Oʻziga yaqinlashtiradi. Hattoki, yelkasini uning ustiga qoʻyadi va unga, bundoq, bundoq qilganmisan, deb gunohlarini sanaydi. Soʻngra unga, ana oʻshalarni u dunyoda satr qildim, bugun esa, seni magʻfirat qilaman, deydi», dedilar».
Kelasi oyatlarda esa, qarshi taraf, kitobi oʻng qoʻldan berilmaganlar holi bayon qilinadi.