فَذَكِّرْ إِن نَّفَعَتِ ٱلذِّكْرَىٰ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bas, agar eslatish manfaat bersa, eslatgin.Бас, агар эслатиш манфаат берса, эслатгин.Alauddin Mansour: Bas, agar pand-nasihat foyda bersa (kishilarga) pand-nasihat qiling! (Yaʼni, nasihat kor qilmaydigan kimsalarga soʻzingizni isrof qilmang!Бас, агар панд-насиҳат фойда берса (кишиларга) панд-насиҳат қилинг! (Яъни, насиҳат кор қилмайдиган кимсаларга сўзингизни исроф қилманг!
Ushbu oyati karima Islomga daʼvat qilish, kishilarga vaʼz-nasihat qilish ishidagi ulkan qoidadir.
Alloh taolo bu oyatda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga, agar eslatish, vaʼz-nasihat foyda bersagina, bu ishni qilishni amr etmoqda. Bundan chiqadigan xulosa shuki, aniq bir holatlarda vaʼz-nasihatdan foyda chiqishiga koʻz yetmasa, u ishni qilmaslik kerak ekan. Chunki, baʼzi vaqtlarda nooʻrin qilingan vaʼz- nasihat zarar keltirishi ham mumkin.
Mashhur tafsirchilarimizdan Ismoil ibn Kasir rahmatullohi alayhi ushbu oyat tafsirida quyidagilarni yozganlar: «Mana shu yerdan ilm tarqatish odobi olinadi. U ilmni ilm ahlidan boshqaning huzuriga qoʻyilmaydi. Inchunin, Ali roziyallohu anhu ham: «Agar sen bir qavmga ularning aqli yetmaydigan gapni gapirsang, albatta, baʼzilarini fitnaga uchratasan», deganlar. Yana, u kishi: «Odamlarga bilgan narsalarini gapiring», deganlar».
Odamlarni dinga daʼvat qilish, ularga vaʼz-nasihat qilish ham katta ilm hamda ulkan masʼuliyatdir. Bu oʻta nozik ishni yetuk olimlar amalga oshirmoqlari lozim. Kim koʻringan oʻzini dinga daʼvat bobiga uraversa, ish kutilmagan taraflarga burilib ketishi hech gap emas. Alloh taoloning Oʻz Paygʻambariga ushbu oyatda berayotgan taʼlimi bejiz emas.
Keyingi oyatlarda eslatmani kim qabul qilib eslaydi-yu, kim undan chetda qolib eslamaydi va ularning oqibati nima boʻlishi haqida soʻz ketadi.